“Biznes uchun Yandeks 360”pullik xizmat ko‘rsatish shartnomasini tuzishga oferta
- 1. Terminlar va ta’riflar
- 2. Shartnomaning mavzusi
- 3. Xizmatlarni ko‘rsatish shartlari
- 4. Tomonlarning huquqlari va majburiyatlari
- 5. Xizmatlarning narxi va to‘lov shartlari
- 6. Ofertaning Aksepti va Shartnoma tuzish
- 7. Oferta shartlarining amal qilish muddati va o‘zgartirilishi
- 8. Shartnomaning amal qilish muddati va o‘zgartirilishi
- 9. Shartnomani bekor qilish
- 10. Kafolatlar
- 11. Shaxsiy ma’lumotlar
- 12. Javobgarlik va javobgarlikning cheklanishi
- 13. Maxfiylik
- 14. Boshqa shartlar
- 15. Yandeks O‘zbekistonning rekvizitlari
O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri
Joylashtirilgan sana: 16.09.2025
Kuchga kirish sanasi: 16.09.2025
Ushbu hujjat “TashGisTechnologies” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi Xorijiy korxonasining (keyingi o‘rinlarda “Yandeks O‘zbekiston”) O‘zbekiston Respublikasi hududida ro‘yxatdan o‘tgan shaxslarga quyidagi shartlarda “Biznes uchun Yandeks 360” xizmatlarini haq evaziga ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma tuzishga ofertani o‘zida ifodalaydi.
1. Terminlar va ta’riflar
1.1. Ushbu hujjat maqsadida quyida keltirilgan terminlar quyidagi ma’nolarda qo‘llaniladi:
Yandeks - “Biznes uchun Yandeks 360” Servisini ishlab chiquvchi bo‘lib hisoblanadigan “YANDEKS" MCHJ (119021, Rossiya, Moskva shahri, Lev Tolstoy ko‘chasi, 16-uy) (keyingi o‘rinlarda – “Yandeks”);
Administrator - Buyurtmachi tomonidan Servisdan foydalanish va boshqarishning kengaytirilgan funksional imkoniyatlari taqdim etilgan Manzil Foydalanuvchisi;
Manzil - Buyurtmachi Domenidagi elektron pochta manzili;
Ofertaning aksepti – Ofertaning 6.1-bandida ko‘rsatilgan harakatlarni bajarish orqali Ofertani to‘liq va so‘zsiz qabul qilish;
Foydalanuvchi ma’lumotlari – Servislardan foydalanish jarayonida Manzil Foydalanuvchisi tomonidan Yandeks resurslariga yuklanadigan axborot va kontent;
Statistika ma’lumotlari – Yandeksning axborotni avtomatlashtirilgan tarzda hisobga olish tizimlarining elektron ko‘rinishdagi ma’lumotlari bo‘lib, ular ko‘rsatilgan Xizmatlarning hajmi, Manzillar soni, xizmatlar narxining miqdori to‘g‘risidagi ma’lumotlarni hamda Shartnoma bo‘yicha Servislardan foydalanish va Xizmatlar ko‘rsatilishiga oid boshqa ma’lumotlarni o‘z ichiga olishi mumkin;
Shartnoma – Buyurtmachi va Yandeks O‘zbekiston o‘rtasida Xizmatlarni haq evaziga ko‘rsatish bo‘yicha tuziladigan shartnoma bo‘lib, u Ofertaning Aksepti orqali tuziladi;
Buyurtmachining Domeni – Buyurtmachi nomiga ro‘yxatdan o‘tkazilgan yoki Buyurtmachi boshqa asoslarga ko‘ra boshqarish huquqiga ega bo‘lgan domen nomi;
Foydalanuvchi – Servislardan foydalanuvchi va Servislarda ro‘yxatdan o‘tgan shaxs;
Buyurtmachi – Ofertaning akseptini amalga oshirgan, shu tariqa Yandeks O‘zbekiston bilan Shartnoma tuzgan va tuzilgan Shartnoma bo‘yicha Buyurtmachi bo‘lib hisoblanadigan shaxs;
Buyurtmachining shaxsiy kabineti – Yandeks O‘zbekiston saytining Buyurtmachi Servislarda ro‘yxatdan o‘tishda olgan login va paroldan foydalangan holda Yandeks O‘zbekiston saytida avtorizatsiyadan o‘tgandan keyin kirishi mumkin bo‘lgan bo‘limi bo‘lib, u qo‘shimcha Xizmatlarga buyurtma berish va Shartnoma doirasida Tomonlarning masofadan turib o‘zaro aloqa qilish imkoniyatini beradi;
Oferta –Internet tarmog‘ida https://yandex.uz/legal/oferta\_business manzili bo‘yicha joylashtirilgan ushbu “Biznes uchun Yandeks 360” xizmatlarini haq evaziga ko‘rsatish shartnomasini tuzishga oferta” nomli hujjat;
Servislar – https://yandex.uz/support/business sahifasida sanab o‘tilgan servislarni birgalikda o‘z ichiga oluvchi “Biznes uchun Yandeks 360” Servisi, yoki Yandeks tomonidan tegishli huquqiy hujjatlarning shartlarida taqdim etiladigan ko‘rsatilgan servislarning har biri alohida;
Tomon – Yandeks O‘zbekiston yoki Buyurtmachi;
Tomonlar – Yandeks O‘zbekiston va Buyurtmachi birgalikda;
Xizmatlar, “Biznes uchun Yandeks 360” xizmatlari – Shartnoma bo‘yicha Yandeks O‘zbekiston tomonidan ko‘rsatiladigan, Servislarning funksional imkoniyatlaridan foydalanish imkonini beruvchi pullik xizmatlar;
Manzil Foydalanuvchisining qayd yozuvi – Yandeks servislarida (Yandeks ID) Manzildan foydalanuvchi shaxsning qayd yozuvi bo‘lib, unda Servislarga kirish uchun ma’lumotlar (shu jumladan, login va parol) saqlanadi.
1.2. Ofertada uning 1.1-bandida ta’riflanmagan terminlar qo‘llanilishi mumkin, bunday holda terminning talqini Oferta matniga muvofiq amalga oshiriladi.
Oferta matnida terminning aniq talqini mavjud bo‘lmasa, birinchi navbatda - O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida aniqlangan, ikkinchi navbatda - https://yandex.uz/support/business saytida aniqlangan, keyin esa - Internet tarmog‘ida shakllangan (umumiy qo‘llaniladigan) talqinga amal qilish lozim.
2. Shartnomaning mavzusi
2.1. Shartnomaning mavzusi bo‘lib Yandeks O‘zbekiston tomonidan Buyurtmachiga “Biznes uchun Yandeks 360” xizmatlarini Oferta shartlarida haq evaziga ko‘rsatish hisoblanadi.
2.2. Buyurtmachi buyurtma berishi mumkin bo‘lgan “Biznes uchun Yandeks 360” Xizmatlarining batafsil tavsifi https://yandex.uz/support/business manzili bo‘yicha mavjud.
3. Xizmatlarni ko‘rsatish shartlari
3.1. Yandeks O‘zbekiston Oferta Aksept qilingandan keyin Shartnoma bo‘yicha Xizmatlarni ko‘rsatishni boshlaydi.
3.2. Xizmatlarni ko‘rsatishning majburiy sharti Buyurtmachi tomonidan Shartnomadan kelib chiqadigan munosabatlarga nisbatan qo‘llaniladigan, Ofertada bayon etilgan va quyidagi hujjatlarda belgilangan Servislarga oid talablar va qoidalarni qabul qilinishi hamda ularga rioya etilishi bo‘lib hisoblanadi:
- Yandeks servislarining foydalanuvchi kelishuvi, https://yandex.uz/legal/rules manzilida joylashgan;
- Maxfiylik siyosati, https://yandex.uz/legal/confidential manzilida joylashgan;
- “Yandeks Pochta” dasturidan foydalanish uchun litsenziya kelishuvi, https://yandex.ru/legal/mail_termsofuse/ manzilida joylashgan;
- Yandeks Disk dasturidan foydalanish huquqini taqdim uchun litsenziya kelishuvi, https://yandex.ru/legal/disk_termsofuse manzilida joylashgan;
- Yandeks Messenger dasturidan foydalanish uchun litsenziya kelishuvi, https://yandex.ru/legal/messenger_termsofuse manzilida joylashgan;
- “Biznes uchun Yandeks 360” Servisining texnik qo‘llab-quvvatlash reglamenti (keyingi o‘rinlarda – “Reglament”), https://yandex.ru/legal/technicalsupport360 manzilida joylashgan:
“Yandeks Disk” (https://yandex.ru/legal/disk_termsofuse) yoki “Yandeks Pochta” (https://yandex.ru/legal/mail_termsofuse/) servisidan foydalanish Shartlarining 3-bo‘limi qoidalari va Ofertaning 5-bo‘limi qoidalari o‘rtasida qarama-qarshiliklar yuzaga kelgan taqdirda, Ofertaning 5-bo‘limi qoidalari ustun kuchga ega bo‘ladi.
Manzil Foydalanuvchisi tegishli Foydalanuvchi Ma’lumotlarini saqlash imkoniyatini nazarda tutuvchi Xizmatlardan voz kechgan taqdirda, Foydalanuvchi ma’lumotlariga (ularning bir qismiga) kirish cheklanishi yoki Foydalanuvchi Ma’lumotlari to‘liq yoxud qisman o‘chirib tashlanishi mumkin.
Foydalanuvchi ushbu bandda ko‘rsatilgan Servislardan foydalanish shartlarini buzgan taqdirda, Yandeks Foydalanuvchi Ma’lumotlarini va Manzil Foydalanuvchisining qayd yozuvini o‘chirib tashlash huquqiga ega.
3.3. Buyurtmachi Shartnoma bo‘yicha o‘z huquqlarini Yandeks O‘zbekistonning oldindan roziligisiz qandaydir uchinchi tomonga o‘tkazishga haqli emas. Bunday rozilik borligini tasdiqlash majburiyati Buyurtmachining zimmasiga yuklatiladi.
3.4. Buyurtmachi ro‘yxatdan o‘tish ma’lumotlarining (login va parol) saqlanishi va maxfiyligi uchun mustaqil ravishda javobgar bo‘ladi. Buyurtmachining Shaxsiy kabineti orqali uning login va parolidan foydalangan holda amalga oshirilgan barcha harakatlar Buyurtmachi tomonidan bajarilgan deb hisoblanadi va bunday harakatlar uchun Buyurtmachi javobgar bo‘ladi.
3.5. Buyurtmachi Shartnoma maqsadlarida, xususan, Manzil Foydalanuvchilarining sonini, avans to‘lovi miqdorini, shuningdek, Xizmatlar ko‘rsatilishining boshlanish vaqtini aniqlash uchun faqat Yandeks Statistikasi Ma’lumotlaridan foydalanilishini tan oladi.
3.6. Servis Foydalanuvchiga boshqa Foydalanuvchilarning xabarlarini o‘qish imkoniyatini taqdim etishi mumkin. Ko‘chma radiotelefon aloqasi operatorining abonent raqami orqali identifikatsiyadan o‘tgan avtorizatsiyalangan Foydalanuvchida boshqa Foydalanuvchilarga xabarlar yo‘llash imkoniyati bo‘lishi mumkin. Xabarlarni yo‘llash va o‘qish imkoniyati Servisga joylashtiriladigan Yandeks Messenger servisining funksional imkoniyatlari yordamida amalga oshiriladi.
Buyurtmachining Domenidan foydalanuvchilarga ushbu Buyurtmachi Domenining boshqa foydalanuvchilari haqidagi quyidagi ma’lumotlar ochiq bo‘lishi mumkin: uning Yandeks servislari qayd yozuvida ko‘rsatilgan ochiq ismi (agar boshqacha ko‘rsatilmagan bo‘lsa, ismi va familiyasining birinchi harfi), shuningdek, uning profil sahifasidagi rasmi (avatari).
Foydalanuvchi Servis orqali Yandeks Messenjerga birinchi marta murojaat qilganda, u haqidagi axborot Buyurtmachining tashqi Domenlarida foydalanuvchilar uchun yashirin bo‘lishi va shunchaki “Foydalanuvchi” sifatida ko‘rsatilishi mumkin.
3.7. Administratorga Servis orqali Buyurtmachi Domenidagi foydalanuvchilarning elektron pochtasi mazmuniga va harakatlariga kirishni amalga oshirish uchun funksional imkoniyat taqdim etilishi mumkin. Ushbu funksionallikdan foydalanayotganda, Administrator Foydalanuvchilarni bu haqda xabardor qilishi va bunday kirishni amalga oshirish uchun ularning roziligini olishi shart. Administrator Foydalanuvchilarning elektron pochtasi mazmuniga va Buyurtmachi Domenidagi harakatlariga kirishni amalga oshirish bilan bog‘liq harakatlarning qonuniyligi hamda rozilik ola olmaslik xavfi uchun mustaqil ravishda javobgar bo‘ladi.
3.8. Agar Buyurtmachi Servisning texnik funksionali yordamida, qonun bo‘yicha reklama deb hisoblangan tarqatmalarni har qanday uchinchi shaxslarning manziliga yuborsa, u Servis orqali yuborilgan barcha xabarlarning reklama beruvchisi va reklama tarqatuvchisi bo‘lib hisoblanadi. Buyurtmachi reklamaning mazmuni va kimlarga yuborilishini mustaqil ravishda belgilaydi, shuningdek Buyurtmachining harakatlari natijasida to‘lanish zarurati tug‘ilgan barcha tegishli yig‘imlarni to‘lash bo‘yicha mustaqil ravishda javobgar bo‘ladi. Buyurtmachi, elektron xabarlarni, shu jumladan qonun bo‘yicha reklama deb hisoblanadigan xabarlarni tarqatish maqsadida, o‘zi tarqatadigan materiallar qonun talablarini, shu jumladan reklama, ekstremizmga qarshi kurash va boshqa qonun normalarining talablarini buzmasligini, tarqatmalarni oluvchilaridan barcha zarur roziliklar olinganligini tasdiqlaydi, bunda Buyurtmachi oluvchilarga bunday roziliklarni qaytarib olishga hech qanday to‘sqinlik qilmaslik va bunday qaytarib olish imkoniyati haqidagi axborotni yashirmaslik majburiyatini oladi.
3.9. Rekvizitlar o‘zgarganda, Buyurtmachi yangi Buyurtmachiga “Biznes uchun Yandeks 360” servisi qayd yozuviga kirishni mustaqil ravishda topshiradi va kirish huquqi uchinchi shaxslarga o‘tkazilmasligini kafolatlaydi. Foydalanish huquqi yangi Buyurtmachiga o‘tkazilgan paytdan boshlab qayd yozuvidan foydalangan holda amalga oshirilgan barcha harakatlar yangi Buyurtmachi tomonidan bajarilgan deb hisoblanadi. Qayd yozuviga kirish bo‘yicha nizolar yuzaga kelgan taqdirda, Buyurtmachi ularni yangi Buyurtmachi bilan mustaqil ravishda hal qilish majburiyatini oladi.
4. Tomonlarning huquqlari va majburiyatlari
4.1. Yandeks O‘zbekistonning majburiyatlari:
4.1.1. Xizmatlarni Oferta shartlarida tuzilgan Shartnomaga muvofiq ko‘rsatish;
4.2. Yandeks O‘zbekiston quyidagi huquqlarga ega:
4.2.1. Texnik, texnologik yoki boshqa sabablar tufayli, ushbu sabablar bartaraf etilgunga qadar Xizmatlarni ko‘rsatishni va/yoki Servislarga kirishni vaqtincha to‘xtatib turish;
4.2.2. Quyidagi hollarda Xizmatlarni ko‘rsatishni va/yoki Servislarga kirishni va/yoki Manzil Foydalanuvchisining Ma’lumotlariga kirishni to‘xtatib turish va/yoki Buyurtmachini xabardor qilgan holda bir tomonlama suddan tashqari tartibda Shartnomani bajarishdan muddatidan ilgari voz kechish: a) Buyurtmachi Shartnoma bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni buzganda; b) agar Shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, Buyurtmachining Shartnoma bo‘yicha xizmatlar uchun to‘lovlar bo‘yicha qarzdorligi mavjud bo‘lganda; v) Yandeksga vakolatli hokimiyat organining tegishli qonuniy talabi va/yoki sud qarori taqdim etilganda; g) Buyurtmachi, Administrator, Foydalanuvchilarning harakatlarida yoki ularning Xizmatlarni olish usulida insofsizlik belgilari aniqlanganda.
4.2.3. Ofertaning 7-bo‘limida belgilangan tartibda Ofertaga o‘zgartirishlar kiritish.
4.3. Buyurtmachining majburiyatlari:
4.3.1. Yandeks O‘zbekiston talabiga ko‘ra, ushbu talab olingan kundan boshlab 3 (uch) kalendar kundan kechiktirmagan holda, Buyurtmachining Shaxsiy kabinetida mavjud bo‘lgan Buyurtmachi haqidagi axborotni tasdiqlovchi hujjatlarning tegishli tarzda tasdiqlangan nusxalarini taqdim etish;
4.3.2. Shartnoma bo‘yicha Yandeks O‘zbekiston xizmatlariga Ofertada belgilangan muddatlarda va tartibda haq to‘lash;
4.3.3. Servislardan ushbu Ofertada va 3.2-bandda ko‘rsatilgan hujjatlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilmagan usullar bilan foydalanmaslik; Servislarning dasturiy kodini hech qanday tarzda o‘zgartirmaslik, dekompilatsiya qilmaslik va/yoki modifikatsiya qilmaslik;
4.3.4. Ro‘yxat ma’lumotlarini (login va parol) uchinchi shaxslarga bermaslik;
4.3.5. Servislardan quyidagi maqsadlarda foydalanmaslik:
4.3.5.1. Internet-servislar, EHM uchun dasturlar yaratish yoki boshqa usulda, agar bunday foydalanish Qonunchilikni, Ofertaning 3.2-bandida ko‘rsatilgan hujjatlarning va/yoki uchinchi shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarining buzilishiga olib kelsa;
4.3.5.2. maqsadi yoki mazmuni Xizmatlarni yoki Servislarning funksional imkoniyatlarini qayta sotish bo‘lgan servislar va mahsulotlarni yaratish yoki xizmatlar ko‘rsatish uchun;
4.3.6. Servislarda yoki ularning yordamida olingan ma’lumotlarda mavjud bo‘lgan har qanday tovar belgilari, logotiplar, havolalar yoki Yandeks O‘zbekiston yoki boshqa shaxslarni boshqacha tarzda tilga olishlarni (agar mavjud bo‘lsa), xuddi shuningdek, Servislar tomonidan uzatiladigan boshqa har qanday bildirishnomalar va/yoki axborotni o‘chirmaslik, yashirmaslik yoki modifikatsiya qilmaslik;
4.3.7. texnik muammolar yuzaga kelganda, bu haqda darhol Yandeksning texnik qo‘llab-quvvatlash xizmatiga xabar berish;
4.4. Buyurtmachi quyidagi huquqlarga ega:
4.4.1. Yandeks O‘zbekiston tomonidan Ofertaga kiritilgan o‘zgartirishlarga rozi bo‘lmagan taqdirda, mazkur o‘zgartirishlar joylashtirilgan va kuchga kirgan kundan boshlab 7 (yetti) kalendar kundan kechiktirmay Yandeks O‘zbekistonni yozma ravishda xabardor qilgan holda Shartnomani bajarishdan bir tomonlama tartibda voz kechish. Shartnoma Yandeks O‘zbekiston Buyurtmachining xabarnomasini olgan paytdan boshlab bekor qilingan deb hisoblanadi.
4.4.2. Manzilning istalgan Foydalanuvchisini (foydalanuvchilarini) Administrator(lar) sifatida tayinlash va istalgan Administrator(lar) maqomini bekor qilish, bunda Buyurtmachi har bir Administrator Foydalanuvchilarning Ma’lumotlarini boshqarishi, shu jumladan ularni o‘chirishi, shuningdek, ko‘rsatilayotgan Xizmatlarning tarkibi va hajmini o‘zgartirishi mumkinligini tushunadi va bunga rozi bo‘ladi. Buyurtmachi har qanday Administratorning Servislardan foydalanish va/yoki Xizmatlarning ko‘rsatilishi doirasidagi harakatlari Shartnoma bo‘yicha Buyurtmachi va Yandeks O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar doirasida Buyurtmachining o‘zi tomonidan amalga oshirilgan harakatlar deb hisoblanishini tasdiqlaydi va bunga rozi bo‘ladi, tegishincha, Buyurtmachi Shartnoma bo‘yicha munosabatlar doirasida barcha Administratorlarning harakatlari uchun yakka tartibda va mustaqil ravishda javobgar bo‘ladi.
4.4.3. Oferta va Reglamentda nazarda tutilgan hajmda va tartibda texnik yordam olish uchun Yandeksga murojaat qilish.
4.5. Shartnoma bo‘yicha Xizmatlarning ko‘rsatilishi maqsadida Buyurtmachi Yandeks O‘zbekiston va Yandeksga Buyurtmachining logotipi, tovar belgisi, firma nomi va/yoki dasturiy mahsuloti hamda sayti nomidan axborot, reklama va marketing maqsadlarida foydalanish huquqini Buyurtmachining qo‘shimcha roziligini olish zaruratisiz va bunday foydalanish evaziga hech qanday haq to‘lanmasdan taqdim etadi.
5. Xizmatlarning narxi va to‘lov shartlari
5.1. Yandeks O‘zbekiston tomonidan Shartnoma bo‘yicha ko‘rsatilgan Xizmatlarning narxi Yandeks saytining https://yandex.uz/support/business/payment.html manzilida joylashgan bo‘limida, shu jumladan uning kichik bo‘limlarida chop etilgan yoki Buyurtmachining Shaxsiy kabinetida ko‘rsatilgan shartlarga muvofiq hisob-kitob qilinadi. Buyurtmachining Shaxsiy kabinetidagi axborot ustuvor ahamiyatga ega bo‘ladi.
5.2. Yandeks O‘zbekiston Ofertaning 7-bo‘limida belgilangan tartibda xizmatlar narxini qayta ko‘rib chiqish va o‘zgartirishga haqli.
5.3. Xizmatlar narxiga O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan miqdordagi QQS kiritilgan.
5.4. Ko‘rsatilgan Xizmatlar hajmi faqat Yandeksning statistika Ma’lumotlari asosida aniqlanadi.
5.5. Shartnoma bo‘yicha hisobot davri kalendar oyi hisoblanadi (keyingi o‘rinlarda – “Hisobot davri” ).
5.6. Agar Shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, Xizmatlar Buyurtmachiga oldindan to‘lov shartlarida ko‘rsatiladi. Buyurtmachi navbatdagi Hisobot davri boshlanishidan oldin buyurtma qilinayotgan Xizmatlarning taxmin qilingan qiymatining 100% (yuz foizi) miqdorida avans to‘lovini naqd pulsiz, xususan, bank o‘tkazmasi yoki qonunchilikda ruxsat etilgan boshqa usul bilan Yandeks O‘zbekiston qabul qiladigan usullaridan (Buyurtmachining shaxsiy kabinetidagi to‘lov sahifasida mavjud) biri bilan amalga oshiradi. To‘lov usulini tanlash va undan foydalanish Buyurtmachi tomonidan o‘z ixtiyoriga ko‘ra va Yandeksning ko‘zda tutilgan javobgarligisiz amalga oshiriladi. Xavfsizlik, maxfiylik, shuningdek, to‘lov usuli/shaklidan foydalanishning boshqa shartlari Oferta va Shartnoma doirasidan tashqarida bo‘lib, Buyurtmachi va tegishli tashkilotlar o‘rtasidagi kelishuvlar (shartnomalar) bilan tartibga solinadi.
Buyurtmachi tomonidan birinchi to‘lovning amalga oshirilishi Buyurtmachining Ofertani Aksept qilganligini va oldindan to‘lov shartlarida Shartnoma tuzilganligini so‘zsiz tasdiqlaydi.
Buyurtmachi, Yandeks O‘zbekistonning so‘roviga binoan, amalga oshirilgan to‘lov haqida ijrochi bankning belgisi qo‘yilgan to‘lov hujjati nusxasini (tegishli to‘lov usuli uchun mavjud bo‘lgan taqdirda) taqdim etgan holda Yandeks O‘zbekistonni xabardor qilish majburiyatini oladi.
5.7. Shartnoma bo‘yicha hisob-kitoblar o‘zbek so‘mida amalga oshiriladi.
5.8. Har bir Hisobot davri mobaynida Yandeks O‘zbekiston Hisobot davridagi Xizmatlar qiymatini hisob-kitob qiladi. Tegishli Hisobot davrida Yandeks O‘zbekiston tomonidan ko‘rsatilgan Xizmatlarning haqiqiy qiymati Shartnomaning ajralmas qismi bo‘lib hisoblanadigan elektron hisob-fakturada (keyingi o‘rinlarda “EHF”) va ko‘rsatilgan xizmatlar to‘g‘risidagi dalolatnomada ko‘rsatiladi.
Yandeks O‘zbekiston Hisobot davridan keyingi oyning birinchi haftasidan kechiktirmay Hisobot davrida Servisdan Foydalanish qiymatini hisoblaydi va Buyurtmachining balansidan yechib oladi.
5.10. Xizmatlar uchun to‘lov Yandeks O‘zbekiston bankdan to‘lovning to‘liq summasi Yandeks O‘zbekistonning hisob raqamiga kelib tushganligi to‘g‘risida tasdiqnoma olgan paytdan boshlab Buyurtmachi tomonidan amalga oshirilgan hisoblanadi. Ayrim hollarda, Yandeks O‘zbekistonning o‘z ixtiyoriga ko‘ra to‘lov faktini tasdiqlovchi hujjat sifatida quyidagilar xizmat qilishi mumkin: a) naqd pulsiz to‘lov shaklida bank tomonidan to‘lov amalga oshirilganligi to‘g‘risida belgi qo‘yilgan to‘lov topshiriqnomasining faksimil nusxasi; b) to‘lov amalga oshirilgan bank muhri tushirilgan to‘lov kvitansiyasining faksimil nusxasi; v) Buyurtmachi tomonidan elektron to‘lov vositasi orqali to‘lov amalga oshirilgan taqdirda, Yandeks O‘zbekiston tomonidan to‘lov tizimi orqali Yandeks foydasiga to‘lov amalga oshirilgani faktining verifikatsiyasi.
5.11. Joriy hisobot davrida Xizmatlarga haq to‘lash uchun pul mablag‘lari yetarli bo‘lmaganda, shu jumladan Buyurtmachi tomonidan Ofertaning 5.6-bandiga muvofiq tegishli Hisobot davri boshlangunga qadar oldindan to‘lov amalga oshirilmaganda yoki Hisobot davri davomida taxmin qilingan qiymatni to‘lash uchun ko‘rsatilgan oldindan to‘lov yetarli bo‘lmaganda, Buyurtmachining Servislardan foydalanish imkoniyati cheklanishi yoki to‘xtatib turilishi mumkin.
Buyurtmachida qandaydir sabablarga ko‘ra Shartnoma doirasida (shu jumladan tugatilgan shartnoma bo‘yicha) qarzdorlik mavjud bo‘lgan holda, navbatdagi to‘lov birinchi navbatda mavjud qarzdorlikni qoplashga yo‘naltiriladi.
5.12. Har oy Hisobot oyidan keyingi oyning 9 (to‘qqizinchi) sanasigacha Yandeks O‘zbekiston hisobot davrida amalda ko‘rsatilgan xizmatlarning hajmiga muvofiq elektron hisob-faktura (EHF) va ko‘rsatilgan xizmatlar to‘g‘risidagi dalolatnomani shakllantiradi hamda EHF bilan Dalolatnomani elektron hujjat aylanish tizimi (keyingi o‘rinlarda – “EHA”) orqali Buyurtmachiga yuboradi. 5.13. Buyurtmachi Hisobot oyidan keyingi oyning 10 (o‘ninchi) sanasigacha Yandeks tomonidan yuborilgan EHF va Dalolatnomani imzolashi yoki xuddi shu muddatda Yandeksga amalda ko‘rsatilgan xizmatlar summasiga nisbatan yozma asoslantirilgan e’tirozlarini yuborishi shart. Ofertaning 5.13-bandida ko‘rsatilgan muddat tugagach, Buyurtmachining Xizmatlarning kamchiliklari, shu jumladan soni (hajmi), qiymati va sifati bo‘yicha e’tirozlari qabul qilinmaydi.
5.14. Amaldagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda, Xizmatlar uchun hisob-kitoblarni amalga oshirishda va ushbu hisob-kitoblar natijasida olingan pul mablag‘larini qaytarishda, kassa cheki hisob-faktura taqdim etilgan paytda yoki Buyurtmachi to‘lovni amalga oshirishda avtorizatsiyadan o‘tgan, Yandeks ID ([https://passport.yandex.uz/](file:///Users/vgrinina/Downloads/(https:/passport.yandex.uz/)) dagi qayd yozuvini ro‘yxatdan o‘tkazishda yaratilgan elektron pochta manziliga yuboriladi.
5.15. Xizmatlar uchun to‘lovni amalga oshirishda maqsadida Buyurtmachi o‘z bank kartasini Shaxsiy kabinetiga ulashi mumkin (Ulangan karta). Oferta maqsadlari uchun Shaxsiy kabinetga ulangan har qanday bank kartasi (shu jumladan, Yandeks Plus obunasini rasmiylashtirishda, undan oldin yoki keyin ulangan) Ulangan karta hisoblanadi. Yandeks O‘zbekiston Ulangan kartalarning istalganidan ko‘rsatilgan Xizmatlar qiymatini tashkil etuvchi summani yechib olishga haqli. Ulangan kartaning haqiqiyligini tasdiqlash uchun Yandeks O‘zbekiston 10 000 so‘mgacha bo‘lgan summani yechib olishi (bloklashi) mumkin, agar tranzaksiya muvaffaqiyatli amalga oshsa bu summa Buyurtmachiga qaytariladi. Ko‘rsatilgan summani yechib olishga muvaffaqiyatsiz urinish ushbu Ulangan kartani qo‘shish va Xizmatlar uchun to‘lovni amalga oshirish mumkin emasligini bildiradi.
Ulangan karta ma’lumotlari ko‘rsatilganda va undan keyinchalik foydalanganda, Buyurtmachi o‘z nomiga va/yoki tashkilotiga berilgan haqiqiy bank kartasi to‘g‘risida ishonchli va to‘liq axborotni taqdim etishini; xalqaro to‘lov tizimlari qoidalariga va Ulangan kartani chiqargan bank-emitent talablariga, shu jumladan naqd pulsiz hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibiga rioya qilishini tasdiqlaydi va kafolatlaydi.
Yandeks O‘zbekiston istalgan vaqtda Buyurtmachidan, u Shaxsiy kabinetda ko‘rsatgan ma’lumotlarni, shu jumladan Ulangan karta ma’lumotlarini tasdiqlashni talab qilish va shu bilan bog‘liq ravishda tasdiqlovchi hujjatlarni (xususan, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni) talab qilish huquqini o‘zida saqlab qoladi, bunday hujjatlarning taqdim etilmasligini Yandeks O‘zbekiston o‘z ixtiyoriga ko‘ra noto‘g‘ri axborot taqdim etish bilan tenglashtirishga haqli.
Xizmatlar uchun to‘lov Buyurtmachi tomonidan o‘z qayd yozuviga ulangan bank kartasi orqali amalga oshirilgan holda, Buyurtmachi “TashGisTechnologies” MCHJ XK (uning affillangan shaxslari, shuningdek, “TashGisTechnologies” MCHJ XK bilan bir guruhga kiruvchi shaxslar) ning Mijozlar interfeysi yoki servislaridagi (shu jumladan, mobil ilovalar) qayd yozuviga ulangan har qanday bank kartasi ulangan karta deb hisoblanishiga rozi bo‘ladi. Yandeks O‘zbekiston istalgan ulangan kartadan Xizmatlar haqini tashkil etuvchi summani yechib olish huquqiga ega.
6. Ofertaning Aksepti va Shartnoma tuzish
6.1. Shaxsiy kabinetdagi “Ro‘yxatdan o‘tkazish” tugmasini bosish orqali Shaxs Shartnoma tuzilishiga roziligini bildirish yo‘li bilan Ofertani Aksept qiladi.
6.2. Shaxs tomonidan Ofertaning 6.1-moddasiga muvofiq amalga oshirilgan Aksept Oferta shartlarida Shartnoma yaratadi.
6.3. Ofertaning 6.1-bandida nazarda tutilgan harakatlar quyidagilar tomonidan amalga oshirilganda Ofertaning tegishli tarzda Aksepti deb tan olinmaydi:
- Yandeks O‘zbekiston tomonidan ilgari Shartnoma shartlarini buzganligi sababli Shartnomasi bekor qilingan shaxs tomonidan, shuningdek
- Yandeks O‘zbekiston tomonidan ilgari Shartnoma shartlarini buzganligi sababli Shartnomasi bekor qilingan Buyurtmachini takrorlovchi shaxs tomonidan. Bunday shaxs sifatida Buyurtmachidan farqli, lekin Buyurtmachi ilgari boshqargan Manzilning xuddi o‘zini boshqaradigan har qanday shaxs tan olinadi.
Ko‘rsatilgan harakatlar Yandeks O‘zbekiston va/yoki Yandeks uchun hech qanday majburiyatlarni keltirib chiqarmaydi.
Ushbu bandning qoidalari Yandeks O‘zbekiston yuqorida ko‘rsatilgan shaxslar tomonidan amalga oshirilgan Akseptni tegishli tarzdagi Aksept deb qabul qilganligidan dalolat beruvchi aniq harakatlarni bajargan (masalan, Xizmatlarni ko‘rsatishni boshlagan) holatlarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Yandeks O‘zbekiston yuqorida ko‘rsatilgan shaxslarga nisbatan Oferta Akseptini cheklashning texnik usullarini mustaqil ravishda belgilashga haqli.
7. Oferta shartlarining amal qilish muddati va o‘zgartirilishi
7.1. Oferta “Kuchga kirish sanasi” bo‘limida ko‘rsatilgan sanadan boshlab kuchga kiradi va Yandeks O‘zbekiston tomonidan qaytarib olingunga qadar amal qiladi.
7.2. Yandeks O‘zbekiston Oferta shartlariga (shu jumladan, ushbu Ofertada havola qilingan hujjatlar va Buyurtmachining Shaxsiy kabinetidagi ma’lumotlarga) o‘zgartirish kiritish va/yoki Ofertani o‘z ixtiyoriga ko‘ra istalgan vaqtda qaytarib olish huquqini o‘zida saqlab qoladi. Yandeks O‘zbekiston tomonidan Ofertaga (ushbu Ofertada havola qilingan hujjatlarga) o‘zgartirishlar kiritilgan taqdirda, bunday o‘zgartirishlar, agar bunday joylashtirish paytida o‘zgartirishlar kuchga kiradigan boshqa muddat qo‘shimcha ravishda belgilanmagan bo‘lsa, Ofertaning o‘zgartirilgan matni (ushbu Ofertada havola qilingan hujjatlar) Internet tarmog‘ida https://yandex.uz/legal/oferta_business manzili (tegishli hujjatlar uchun Oferta matnida ko‘rsatilgan manzillar) bo‘yicha joylashtirilgan paytdan boshlab kuchga kiradi.
8. Shartnomaning amal qilish muddati va o‘zgartirilishi
8.1. Shartnoma Buyurtmachi tomonidan Oferta Aksept qilingan paytdan boshlab kuchga kiradi va Shartnoma bekor qilingunga qadar amal qiladi.
8.2. Buyurtmachi Ofertaga (shu jumladan, ushbu Ofertada havola qilingan hujjatlarga) o‘zgartirishlar kiritilishi Buyurtmachi va Yandeks O‘zbekiston o‘rtasida tuzilgan va amalda bo‘lgan Shartnomaga ham shu o‘zgartirishlarni kiritishga olib kelishiga va Shartnomaga kiritilgan ushbu o‘zgartirishlar Ofertaga (shu jumladan, ushbu Ofertada havola qilingan hujjatlarga) kiritilgan o‘zgartirishlar bilan bir vaqtda kuchga kirishiga rozi bo‘ladi va buni tan oladi.
8.3. Shartnomaning amal qilish muddati davomida Yandeks O‘zbekiston Ofertani qaytarib olgan taqdirda, agar Yandeks O‘zbekiston tomonidan Ofertani qaytarib olishda boshqacha shartlashilmagan bo‘lsa, Shartnoma qaytarib olish paytidan boshlab bekor qilingan deb hisoblanadi.
9. Shartnomani bekor qilish
9.1. Shartnoma quyidagi hollarda bekor qilinishi mumkin:
9.1.1. Shartnomani bajarishdan bir tomonlama voz kechish tartibida, boshqa Tomonga yozma xabarnoma yuborish orqali (shu jumladan, elektron pochta orqali): Buyurtmachi tomonidan yuborilganda bekor qilish sanasidan kamida 30 (o‘ttiz) kalendar kun oldin; Yandeks O‘zbekiston tomonidan yuborilganda bekor qilish sanasidan kamida 1 (bir) kalendar kun oldin;
9.1.2. Buyurtmachi tomonidan Shartnoma shartlari yoki ushbu Ofertaning 3.2-bandida ko‘rsatilgan hujjatlar buzilgan taqdirda, Yandeks O‘zbekiston tomonidan Shartnomani bajarishdan bir tomonlama voz kechish tartibida, Buyurtmachiga darhol yozma xabarnoma yuborgan holda;
9.1.3. Buyurtmachi tomonidan Xizmatlar uchun oxirgi to‘lov amalga oshirilgan sanadan boshlab 12 (o‘n ikki) oy o‘tgach avtomatik ravishda;
9.1.4. ushbu Oferta va/yoki O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligida nazarda tutilgan boshqa asoslar bo‘yicha.
9.2. Tomonlarning Shartnoma bo‘yicha o‘z tabiatiga ko‘ra amal qilishda davom etishi lozim bo‘lgan majburiyatlari (shu jumladan, biroq bular bilan cheklanmagan holda maxfiylik, o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirish, axborotdan foydalanish bo‘yicha majburiyatlar,) Shartnomaning amal qilish muddati tugagandan keyin ham o‘z kuchida qoladi.
9.3. Shartnomaning amal qilish muddatini har qanday asosga ko‘ra tugashi Tomonlarni uning amal qilish muddati davomida yuzaga kelgan Shartnoma shartlarini buzganlik uchun javobgarlikdan ozod etmaydi.
10. Kafolatlar
10.1. Yandeks O‘zbekiston Shartnoma bo‘yicha Buyurtmachiga Xizmatlar ko‘rsatish qonun hujjatlariga, Yandeks O‘zbekistonning uchinchi shaxslar oldidagi majburiyatlariga zid emasligini hamda uchinchi shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini boshqacha tarzda buzmasligini kafolatlaydi.
10.2. Oferta matnida to‘g‘ridan- to‘g‘ri ko‘rsatilgan kafolatlardan tashqari, Yandeks O‘zbekiston va/yoki Yandeks Shartnoma bo‘yicha boshqa hech qanday to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki nazarda tutilgan kafolatlarni bermaydi hamda Servislar, Xizmatlar va/yoki ularning Buyurtmachining aniq maqsadlariga muvofiqligi bo‘yicha har qanday kafolatlar yoki shartlardan ochiqdan-ochiq voz kechadi.
10.3. Buyurtmachi Ofertani Aksept qilish orqali Yandeks O‘zbekistonga quyidagilarni tasdiqlaydi va kafolatlaydi:
10.3.1. Buyurtmachi o‘zining Shaxsiy kabinetida ro‘yxatdan o‘tishda va hujjatlarni rasmiylashtirishda o‘zi va Manzillardan foydalanuvchilar haqidagi ishonchli ma’lumotlarni (shu jumladan shaxsiy ma’lumotlarni) ko‘rsatgan;
10.3.2. Buyurtmachi: a) Oferta shartlari bilan to‘liq tanishgan, b) Oferta va Shartnoma mavzusini to‘liq tushunadi, v) Shartnomani tuzish va bajarish bo‘yicha o‘z harakatlarining ahamiyati va oqibatlarini to‘liq tushunadi.
10.3.3. Buyurtmachi Shartnomani tuzish va bajarish uchun zarur bo‘lgan barcha huquq va vakolatlarga ega.
11. Shaxsiy ma’lumotlar
11.1. Shaxsiy kabinetda ro‘yxatdan o‘tish va/yoki ushbu Ofertani Aksept qilishda ko‘rsatilgan ro‘yxatga olish /hisob ma’lumotlariga nisbatan tomonlar shaxsiy ma’lumotlarning mustaqil operatorlari sifatida tan olinadi. Buyurtmachi Yandeks va Yandeks O‘zbekiston tomonidan ko‘rsatilgan ma’lumotlarni qayta ishlash uchun o‘z roziligini beradi yoki boshqa huquqiy asoslar mavjudligini kafolatlaydi. Yandeks va Yandeks O‘zbekiston ushbu shaxsiy ma’lumotlarni https://yandex.uz/legal/confidential/ manzili bo‘yicha chop etilgan Maxfiylik siyosatiga muvofiq Shartnomani tuzish va bajarish maqsadida qayta ishlaydi.
11.2. Oferta va Maxfiylik siyosatida nazarda tutilgan holatlardan tashqari, Yandeks Buyurtmachidan olingan shaxsiy ma’lumotlarni, shu jumladan Foydalanuvchi Ma’lumotlarini Buyurtmachining topshirig‘iga ko‘ra qayta ishlaydi. Shaxsiy ma’lumotlarni topshiriq bo‘yicha qayta ishlashning o‘ziga xosliklari ushbu Ofertaning ajralmas qismi bo‘lib hisoblangan https://yandex.uz/legal/dpa_360business_uz manzili bo‘yicha joylashtirilgan ma’lumotlarni qayta ishlash to‘g‘risidagi kelishuvi bilan tartibga solinadi.
12. Javobgarlik va javobgarlikning cheklanishi
12.1. Shartnoma shartlarini buzganlik uchun Tomonlar Shartnomada va/yoki O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
12.2. Yandeks O‘zbekiston hech qanday holatda Buyurtmachi va/yoki uchinchi tomonlarning bilvosita zararlari va/yoki boy berilgan foydasi uchun, Yandeks O‘zbekiston bunday zararlar ehtimolini oldindan ko‘ra olgan yoki ko‘ra olmaganligidan qat’i nazar, Shartnoma bo‘yicha hech qanday javobgarlikni o‘z zimmasiga olmaydi.
12.3. Buyurtmachi Xizmatlarni ko‘rsatish shartlarini va/yoki Servislardan foydalanish usullari to‘g‘risidagi shartlarni buzgan taqdirda, Yandeks O‘zbekiston bir tomonlama tartibda Xizmatlarni ko‘rsatishni, Buyurtmachining Servislarga kirishini to‘xtatib qo‘yish yoki Shartnomani bajarishdan voz kechish va Shartnomani bekor qilish natijasida yetkazilgan zararlarni qoplashni talab qilishga haqli.
12.4. Yandeks O‘zbekiston Ofertaning 10.1-bandida nazarda tutilgan kafolatga rioya qilmagan taqdirda, buning natijasida Buyurtmachiga uchinchi shaxslar tomonidan talablar, e’tirozlar va/yoki da’volar taqdim etilsa, Yandeks O‘zbekiston mazkur talablar, e’tirozlar va/yoki da’volarni o‘z kuchi va mablag‘i hisobidan hal qilish, shuningdek, Buyurtmachiga shu bilan bog‘liq ravishda yetkazilgan haqiqiy zararni qoplash majburiyatini oladi.
12.5. Har qanday holatda ham, Yandeks O‘zbekistonning Shartnoma, shu jumladan har qanday asos bo‘yicha zararlar yoki haqiqiy ziyonni qoplash bo‘yicha javobgarligi, javobgarlik yuzaga kelishidan oldingi oxirgi 3 (uch) kalendar oy uchun Buyurtmachidan olingan to‘lovlarning umumiy miqdori bilan cheklanadi.
12.6. Buyurtmachi Shartnoma bo‘yicha Yandeks O‘zbekiston tomonidan ko‘rsatilgan Xizmatlar uchun to‘lov muddatlarini buzgan taqdirda, Yandeks O‘zbekiston Buyurtmachidan kechiktirilgan har bir kun uchun o‘z vaqtida to‘lanmagan summaning 0,1 % miqdorida neustoykani undirishga haqli.
12.7 Neustoykani to‘lash va zararni qoplash Tomonlarni Shartnoma bo‘yicha majburiyatlarni bajarishdan ozod etmaydi. Neustoykani to‘lash va zararlarni qoplash faqat manfaatdor Tomonning yozma e’tirozi asosida amalga oshiriladi.
12.8. Tomonlar Shartnoma bo‘yicha majburiyatlarni qisman yoki to‘liq bajarmaganlik uchun javobgarlikdan, agar bunday bajarmaslik Shartnoma tuzilgandan keyin yuzaga kelgan yengib bo‘lmas kuch holatlarining oqibati bo‘lsa, yoki agar Tomonlarning Shartnoma bo‘yicha majburiyatlarini bajarmasligi Tomonlar oldindan ko‘ra olmagan yoki oqilona choralar bilan oldini ola bilmagan favqulodda hodisalar oqibatida yuz bergan bo‘lsa, ozod etiladi.
13. Maxfiylik
13.1. Shartnoma doirasida “maxfiy axborot” tushunchasi tashkiliy-texnologik, tijorat, moliyaviy va Shartnoma Tomonlarining uni tuzishi hamda bajarishi bilan bog‘liq boshqa axborotni, shu jumladan So‘rovlarda mavjud bo‘lgan matnli ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi, ammo ular bilan cheklanmaydi.
13.2. Yandeks O‘zbekistonni har qanday tilga olishlarni chop etish, Shartnoma bilan bog‘liq hamkorlik fakti va/yoki tafsilotlari haqida uchinchi shaxslarga yoki noma’lum doiradagi shaxslarga xabar berish faqat Yandeks O‘zbekistonning oldindan yozma roziligi bilan amalga oshiriladi, amaldagi qonunchilikka muvofiq tegishli ma’lumotlarni taqdim etish majburiy bo‘lgan holatlar bundan mustasno.
13.3. Maxfiylikka rioya qilish majburiyatlari hammaga ma’lum ommaviy axborotga yoki Tomonlarga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra ommaga ma’lum bo‘lib qolgan axborotga nisbatan qo‘llanilmaydi.
13.4. Maxfiy axborot qasddan yoki ehtiyotsizlik oqibatida oshkor qilingan taqdirda, aybdor Tomon jabrlangan Tomonning talabiga ko‘ra ushbu oshkor qilish natijasida yetkazilgan zararni qoplash majburiyatini oladi.
13.5. Maxfiy axborotni muhofaza etish muddati Tomonlar tomonidan Shartnomaning amal qilish muddati tugagan paytdan boshlab 3 (uch) yil bilan cheklanadi. Shu bilan birga, Yandeks O‘zbekistonning So‘rovlardagi matnli axborotni oshkor qilmaslik majburiyati muddatsiz bo‘lib hisoblanadi.
13.6. Tomonlar, Buyurtmachining Shaxsiy kabinetida ro‘yxatdan o‘tishda va/yoki Shartnoma tuzishda Buyurtmachi tomonidan ko‘rsatilgan ro‘yxat ma’lumotlarining (shu jumladan, shaxsiy ma’lumotlarning) maxfiyligini saqlash sharti Yandeks O‘zbekiston tomonidan hisobot hujjatlarni rasmiylashtirish maqsadida bunday ma’lumotlardan foydalanish holatlariga nisbatan qo‘llanilmasligi to‘g‘risida kelishib oldilar. Ko‘rsatilgan hujjatlarda Buyurtmachi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar (shu jumladan, shaxsiy ma’lumotlar) va rekvizitlar ko‘rsatilishi lozim.
14. Boshqa shartlar
14.1. Oferta, Shartnoma, uni tuzish va bajarish O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi bilan tartibga solinadi. Ofertada tartibga solinmagan yoki to‘liq tartibga solinmagan barcha masalalar O‘zbekiston Respublikasining moddiy huquqiga muvofiq hal etiladi.
14.2. Nizo muzokaralar yo‘li bilan hal etilmagan taqdirda, Tomonlar nizoni sudgacha hal etishning majburiy e’tiroz tartibini o‘rnatadilar.
14.3. E’tiroz olingan taqdirda, Tomonlardan istalgan biri uni olgan kundan boshlab 20 (yigirma) ish kuni ichida e’tirozni ko‘rib chiqishi va boshqa Tomonga uni hal qilish bo‘yicha takliflarini, hal qilish muddatlarini ko‘rsatgan holda taqdim etishi shart.
14.4. Agar Tomonlar Ofertaning 14.3-bandida ko‘rsatilgan e’tirozni ko‘rib chiqish muddati davomida nizoli masalalar bo‘yicha kelishuvga erishmasa (shu jumladan, e’tirozga javob bo‘lmaganda va e’tirozni qanoatlantirish rad etilganda), nizo Yandeks O‘zbekiston joylashgan joydagi sudda ko‘rib chiqilishi lozim bo‘ladi.
14.5. Shartnoma bo‘yicha har qanday bildirishnomalarni bir Tomon boshqa Tomonga quyidagicha yuborishi mumkin: 1) elektron pochta orqali: a) agar oluvchi Buyurtmachi bo‘lsa, Ofertaning 15-bandida ko‘rsatilgan Yandeks O‘zbekiston elektron pochta manzilidan Buyurtmachining Shaxsiy kabinetida ro‘yxatdan o‘tishda ko‘rsatgan elektron pochta manziliga, va; b) Buyurtmachining Shaxsiy kabinetida ro‘yxatdan o‘tishda ko‘rsatgan elektron pochta manzilidan Ofertaning 15-bandida ko‘rsatilgan Yandeks O‘zbekistonning elektron pochta manziliga; 2) topshirilganlik haqidagi bildirishnoma bilan pochta orqali yoki yetkazib berilganligi tasdiqlangan holda kuryerlik xizmati orqali; 3) alohida xabar turlari uchun ushbu Ofertada nazarda tutilgan boshqa usullar bilan.
14.6. Agar Oferta (Shartnoma)ning bir yoki bir nechta qoidasi qandaydir sababga ko‘ra haqiqiy emas yoki yuridik kuchga ega emas bo‘lib hisoblansa, bunday haqiqiy emaslik Oferta (Shartnoma)ning o‘z kuchida qoladigan boshqa har qanday qoidasining haqiqiyligiga ta’sir ko‘rsatmaydi.
14.7. YANDEKS va Yandeks guruhining boshqa kompaniyalari o‘zlarining har qanday faoliyatida ishbilarmonlik etikasi yuqori standartlariga rioya qiladilar. YANDEKS va Yandeks guruhining boshqa kompaniyalari o‘z kontragentlarida Yandeks guruhi kompaniyalarining yetkazib beruvchilari ishbilarmonlik xulqi Kodeksida nazarda tutilgan asosiy ishlash tamoyillariga amal qilishlarini kutishadi. Ko‘rsatilgan Kodeksning nusxasi Yandeks portalining korporativ bo‘limida quyidagi manzil bo‘yicha mavjud: https://company-docs.s3.yandex.net/procurement/docs/Supplier_Code_RUS_2021.pdf.
14.8. Tomonlar korrupsiyaga qarshi qonunchilikning qo‘llaniladigan barcha normalariga amal qiladilar.
Tomonlardan har biri korrupsiya harakatlarini va yordam uchun to‘lovlar qilishni / maqsadi xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq rasmiyatchiliklarni soddalashtirishga, u yoki bi masalalarni tezroq hal etishni ta’minlash bo‘lgan to‘lovlarni to‘liq taqiqlashni nazarda tutadigan poraxo‘rlik va korrupsiyaga nisbatan to‘liq murosasizlik siyosatini o‘tkazishlarini tan oladilar va tasdiqlaydilar.
Tomonlar, ularning affillangan shaxslari, xodimlari, shuningdek, Tomonlarning majburiyatlarini bajarishda to‘g‘ridan- to‘g‘ri yoki bilvosita ishtirok etuvchi dallollar va vakillar (shu jumladan, agentlar, vositachilar, bojxona brokerlari va boshqa uchinchi shaxslar) har qanday noqonuniy afzalliklarni, shu jumladan qonun hujjatlarida belgilangan tartibni chetlab o‘tish orqali olish niyatida harakatlar yoki qarorlarga ta’sir ko’rsatish maqsadida, yoki boshqa noqonuniy maqsadlarni ko‘zlab har qanday shaxsdan qandaydir pul mablag‘larini qabul qilmaydilar, to‘lamaydilar, to‘lashni taklif qilmaydilar va to‘lashga /olishga yoki qandaydir boyliklarni to‘g‘ridan- to‘g‘ri yoxud bilvosita har qanday shaxsga berishga ruxsat (rozilik) bermaydilar.
Ushbu bandning qoidalari Tomonlar uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan holatlar to‘g‘risidagi tasdiqlar bo‘lib hisoblanadi. Tomonlar Shartnoma tuzishda ana shunday tasdiqlarga tayanadilar.
Tomonlardan biri ushbu bandda nazarda tutilgan talablarga amal qilish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini buzgan holda, Tomon Shartnomani bekor qilish to‘g‘risida yozma xabarnoma yuborish orqali darhol bir tomonlama va suddan tashqari tartibda Shartnomadan voz kechishga haqli. Shartnoma ikkinchi Tomon tegishli yozma xabarnomani olgan sanadan boshlab 10 (o‘n) kalendar kuni o‘tgandan keyin bekor qilingan hisoblanadi.
Tomonlardan biri ushbu bandning qandaydir qoidalarining buzilishi sodir bo‘lgan yoki sodir bo‘lishi mumkin deb gumon qilgan taqdirda, tegishli Tomon boshqa Tomonni o‘z gumonlari to‘g‘risida yozma ravishda imkon qadar tez xabardor qilish majburiyatini oladi.
Tomonlar ushbu bandning buzilishi/ buzilish xavfi to‘g‘risida xabar berish uchun quyidagi manzillardan foydalanishga kelishadilar:
YANDEKSNI xabardor qilish uchun: https://yandex.hotline.b1.ru
Ikkinchi Tomonni xabardor qilish uchun: Ofertaning 14.5-bandiga muvofiq manzil.
15. Yandeks O‘zbekistonning rekvizitlari
Nomi: “TashGisTechnologies” MCHJ XK
Yuridik manzil: O‘zbekiston, Toshkent sh., Yunusobod tumani, Shahrisabz ko‘chasi, 2-uy
Ro‘yxat raqami: 998615
STIR: 308553310
Bank rekvizitlari
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankida hisob raqami: 20208000905400877001
MFO: 00450
STIR: 308553310
SWIFT: NBFAUZ2X