Potensial xavfli sayt haqida ogohlantirish
Ayrim paytlarda veb-resurslar nafaqat foydali maʼlumotlarni, balki zararli kodni ham oʻz ichiga oladi. Bunday saytlarga kirish kompyuterga viruslar tushishi, shuningdek, maʼlumotlarga zarar yetishi yoki oʻgʻirlanishiga olib kelishi mumkin.
Foydalanuvchilarning xavfsizligini taʼminlash uchun Yandex muntazam ravishda indekslangan saytlarda xavfli kod mavjudligini tekshiradi. Bunday kod aniqlangan taqdirda zararlangan resurs snippetida quyidagi ogohlantirish aks etadi: “Sayt kompyuter yoki mobil qurilma xavfsizligiga tahdid solishi mumkin”.
Sahifalarni tekshirish uchun Yandex antivirusi va Sophos® kompaniyasi mahsulotlari ishlatiladi.
Biz virusli saytlarni qidiruv natijalaridan olib tashlamaymiz, chunki saytda qidiruvingizga mos keladigan noyob foydali maʼlumotlar boʻlishi mumkin.
Bunday saytga kirish orqali kompyuter yoki mobil qurilmani xavf ostiga qoʻyasiz. Lekin, qurilmangizga virus yuqmaslik ehtimoli bor, chunki zararli kodni ishga tushirish uchun odatda muayyan shartlar – masalan, brauzerning muayyan versiyasi yoki kompyuterga oʻrnatilgan muayyan dasturiy taʼminot talab qilinadi. Bundan tashqari, saytda muayyan sahifalargina zararlangan boʻlishi mumkin.
Shunga qaramay, potensial tahdid haqidagi ogohlantirishlarni eʼtiborsiz qoldirmaslik lozim. Agar baribir saytga kirish lozim boʻlsa, unda uning saqlangan nusxasidan foydalaning yoki xavfsizlikni taʼminlashga oid boshqa chora-tadbirlarni koʻring.
Zararli kod sahifalarga qanday tushishi va veb-saytni virusdan qanday himoya qilish tafsilotlari bilan tanishish uchun Vebmaster axborotiga qarang.